Vladimir Avatkov: “Fathulla Gulen Rossiya va Markaziy Osiyoga do‘st bo‘lmaydi”

Fathulla Gulen omili Rossiya va Markaziy Osiyo uchun xatarlidir. Bu haqda Rossiyadagi Sharqshunoslik, xalqaro aloqalar va jamoatchilik diplomatiyasi markazi direktori, turkolog Vladimir Avatkov Sputnik Türkiye nashriga bergan intervyusida ma’lum qilgan.

“Gulenga tegishli tashkilotlar sobiq Ittifoq hududida ancha ta’sirli faoliyat ko‘rsatmoqda va Gulen omili mazkur mintaqada salbiy omillardan biri bo‘lib qolayotir. Ko‘plab ekspertlarning bu boradagi xavotiri Turkiya davlati va turk xalqi emas, balki Gulen omili tufayli paydo bo‘layotgan edi. Turkiyada ham juda qudratli bo‘lgan ushbu tuzilma ta’lim, ichki ishlar, mudofaa va xavfsizlik tizimlarida mustahkam tayanchga ega hisoblangan. Gulen omili Rossiya uchun ham xatarlidir. Shuning bois Turkiyada mazkur tuzilmaga qarshi olib borilayotgan sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash lozim”, – degan siyosatshunos V.Avatkov.

Tahlilchiga ko‘ra, sobiq Ittifoq hududida, jumladan, Markaziy Osiyo mamlakatlarida faoliyat ko‘rsatgan, Gulenga tegishli maktablarning bitiruvchilari bilib-bilmay Gulenga oid tuzilmalarning manfaatlariga xizmat qilmoqda. Mintaqa uchun xavfli jihat ham ayni shunda.

Vladimir Avatkov Fathulla Gulen tarafdorlari Rossiyaga do‘st bo‘lmasligi va ularning erkin faoliyatiga yo‘l qo‘ymaslik lozimligini ta’kidlagan.

“Turkiyada Gulenga aloqasi bo‘lganlar FETÖ/PDY deya ataladi. Rossiyada ham FETÖchilar mavjud bo‘lib, vaqti-vaqti bilan ovozlari chiqib turadi. Ular aslo Rossiyaning do‘sti bo‘la olmaydi va mamlakatimizda har qanday holatda ham faoliyat ko‘rsatmasliklari lozim. Xorijiy diniy tashkilotning mamlakatimiz ichki siyosati va muhitiga aralashuvini qabul qilib bo‘lmaydi. Sirasini aytganda, Rossiya FETÖchilardan tozalanishi kerak”, – deya qayd etgan V.Avatkov.

Siyosatshunosning ma’lum qilishicha, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘on o‘rtasida joriy yil 9 avgust Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ham muhim xalqaro masalalar qatorida Fathulla Gulen nazoratidagi tuzilma muammosi muhokama etilgan.

“Rossiya ushbu tuzilmani salbiy va xavfli omil o‘laroq ko‘rmoqda. Ularning faoliyati natijasida yaxlit mamlakat parchalanishi hech gap emas. Ushbu tuzilma “xalqlar do‘stligi” va “tolerantlik” kabi cho‘pchaklar bilan asl maqsadini xaspo‘shlashga urinadi. Lekin kelajakda nimalar sodir bo‘lishi ehtimolini idrok etishimiz, Turkiyadagi mavjud holatni e’tiborga olishimiz kerak. FETÖ Turkiyaning ichki siyosatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. AQSh ham bu xavfni hali-hanuz idrok eta olganicha yo‘q. AQSh FETÖchilardan o‘z manfaati yo‘lida foydalanaman deb o‘ylamoqda. Lekin aslida FETÖchilarning o‘z manfaati yo‘lida AQShdan foydalanishi ehtimoli yuqoriroq”, – degan V.Avatkov.

Olimning uqtirishicha, Rossiya va Turkiya Fathulla Gulen tuzilmasiga qarshi bir yoqadan bosh chiqarib kurashishi, bu yo‘lda avvalo mazkur tuzilmani terrorchi tashkilotlar ro‘yxatiga kiritishi lozim.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 15 iyul kuni Turkiyada davlat to‘ntarishiga urinish ro‘y berdi. Turkiya rahbariyatiga ko‘ra, mazkur jinoyat AQShda yashayotgan Fathulla Gulen va uning terrorchi tashkiloti tomonidan uyushtirilgan. Rasmiy Anqara AQShdan Fathulla Gulenni Turkiyaga ekstraditsiya qilishni so‘rab murojaat yo‘llagan.

Davlat to‘ntarishiga urinish vaqtida 230 dan oshiq kishi halok bo‘lgan, 2000 dan ortiq kishi jarohatlangan.

Harbiy isyon xalqaro hamjamiyat tomonidan keskin qoralangan.

Sobir Salim

Shu mavzudagi maqola:

Turkiya: 15 iyul fitnasi qatnashchilari jazosiz qolmaydi. 18.07.2016