Violen de Vilmor – Frantsiyaning O‘zbekistondagi yangi elchisi

Joriy yil 17 sentyabrdan Violen de Vilmor xonim Frantsiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi sifatida ish boshladi.

Elchixona matbuot xizmati xabariga ko‘ra, de Vilmor xonim Frantsiya ishbilarmonlar harakati missiyasi (MEDEF Internasional) doirasida O‘zbekistonga tashrif buyurgan. Mamlakatimizning mehmondo‘stligi va turli sohalardagi salohiyati unda katta taassurot qoldirgan.

Qolaversa, diplomat Frantsiya Tashqi ishlar vazirligi Kontinental Yevropa boshqarmasi (boshqarma Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalarni ham muvofiqlashtiradi) boshlig‘i o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan. Demak, u bu jihatdan ham Markaziy Osiyo mintaqasi, xususan, O‘zbekiston bilan yaqindan tanish.

Yangi elchi Frantsiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi siyosat, sanoat, qishloq xo‘jaligi, savdo, madaniyat, lingvistika, ta’lim, texnika va texnologiya sohalaridagi robitani yanada kuchaytirishga e’tibor qaratadi.

O‘zbekiston tomoniga ishonch yorlig‘i topshirgunga qadar diplomat hamkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazishni rejalashtirgan.

Violen de Vilmor 1959 yilda tug‘ilgan. Parij universiteti (tarix, iqtisodiyot va rus tili) hamda London biznes maktabini (menejment) tamomlagan. 1985 yildan buyon Frantsiya tashqi siyosat mahkamasi tizimida faoliyat yuritib kelmoqda. 2007-2009 yillarda Tashqi ishlar vazirligining boshqaruv masalalari, 2009-2013 yillarda esa G‘arbiy va Shimoliy Yevropa hamda Boltiqbo‘yi bo‘limlarini boshqargan. 2013-2016 yillarda Kontinental Yevropa boshqarmasi (Sharqiy Yevropa, Bolqon, Kavkaz va Markaziy Osiyo) boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.

Violen de Vilmor Frantsiyaning “Xizmatlari uchun” milliy ordeni bilan mukofotlangan.

Eslatib o‘tamiz, Frantsiyaning O‘zbekistondagi avvalgi elchisi Jak-Anri Els joriy yil avgustda o‘z diplomatik faoliyatini yakunladi.