Rajab Toyib Erdo‘g‘on: “G‘animlarga qarshi bir yoqadan bosh chiqarib kurashish lozim”

Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘on Shirnak provintsiyasida joylashgan 172-tank brigadasi harbiy xizmatchilari bilan iftorlik qildi. Bu haqda Onado‘li axborot agentligi xabar beradi.

Turkiya yetakchisi muqaddas Ramazon oyi kunlarida tashkil etilgan iftorlikda so‘zlagan ma’ruzasida mamlakatni bo‘lib tashlashga urinayotgan g‘animlar – chetdan yordam olayotgan terrorchi kuchlarga qarshi bir yoqadan bosh chiqarib kurashish lozimligini ta’kidladi.

“Biz yakdil xalqmiz va hech kim bizni bo‘lib tashlay olmaydi. Har bir inson o‘zi mansub irq yoki xalq bilan faxrlanishi mumkin, lekin hech bir xalq boshqa bir xalq ustidan ustunlik qilishi mumkin emas – na kurd turk ustidan, na turk kurd ustidan. Yaratgan Parvardigorga muqarrab bandalargina ustunlikka egadir”, – dedi Rajab Toyib Erdo‘g‘on.

Turkiya yetakchisi terrorizmga qarshi kurash mashaqqatli kechsa-da, baribir, pirovardida yovuzlik mag‘lub bo‘lishiga urg‘u berdi.

“Albatta har bir qorong‘i tundan keyin yorug‘ kun keladi va biz yorug‘ kunga tobora yaqinlashmoqdamiz”, – dedi u.

Onado‘li axborot agentligi xabariga ko‘ra, Turkiya bosh vaziri Binali Yildirim ham Istanbulda xorijlik diplomatlar va turli diniy konfessiyalar vakillari ishtirokida uyushtirilgan iftorda qatnashgan.  

Mamlakat hukumati rahbari ham terror xuruj qilayotgan bugungi tahlikali pallalarda yakdillik bilan harakat qilish muhimligini ta’kidladi.

Binali Yildirim migratsiya inqiroziga ham e’tibor qaratib, dunyodagi 55 million odam vatanini tark etishga majbur bo‘lganini qayd etdi.

“Bu butun insoniyatning muammosidir. Turkiya 3 million qochqinga boshpana berib, ushbu muammoni hal etishda namuna ko‘rsatdi. Yevropa Ittifoqi ham buni yaxshi anglashi, Buyuk Britaniya nega birlashmadan chiqishga qaror qilgani borasida mushohada yuritishi, kelajagi borasida bir to‘xtamga kelishi lozim”, – dedi Turkiya bosh vaziri.

Qayd etilishicha, YeI boshi berk ko‘chadan chiqish uchun azaliy qadriyatlariga qaytishi, barcha mamlakatlarga, jumladan, Turkiya va Bolqon davlatlariga nisbatan inklyuziv siyosat yuritishi darkor.

Turkiya hukumati rahbari o‘z ma’ruzasida Bosfordan o‘tadigan Yevroosiyo avtomobil tonneli joriy yil 20 dekabrda foydalanishga topshirilishini ham ma’lum qilgan.

Turkiya matbuoti xabariga ko‘ra, muqaddas Ramazon oyi mamlakatda fayzli tarzda o‘tmoqda. Mamlakatning turli hududlarida qochqinlar hamda faqir-miskinlar uchun iftorliklar tashkil etilib, xayriya dasturxonlari yozilmoqda. Ramazon munosabati bilan mamlakatning qator shaharlari, xususan, Istanbul shahrida Qur’oni xatmlari o‘tkazilmoqda.

Sobir Salim