Naytxart Hyofer-Vissing: “Germaniya bundan keyin ham O‘zbekiston bilan hamkorlikni izchil rivojlantiradi”

Germaniya Federativ Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi 22 sentyabr kuni Olmon birligi kuni munosabati bilan Toshkentda tantanali qabul marosimi o‘tkazdi. Marosimda O‘zbekiston hukumati, xorijiy mamlakatlar elchixonalari hamda xalqaro tashkilotlar vakillari, ilm-fan, san’at va madaniyat namoyandalari, ishbilarmon doira vakillari hamda jurnalistlar ishtirok etdi.

Germaniyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Naytxart Hyofer-Vissing O‘zbekiston mustaqilligining 25 yilligidan keyin Olmon birligi kuni nishonlanayotgani ramziy ma’noga ega ekanini ta’kidladi.

Diplomat o‘z nutqida O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning vafoti mamlakat uchun og‘ir yo‘qotish bo‘lgani, ushbu musibat munosabati bilan Germaniya Prezidenti hamdardlik maktubi yo‘llaganini qayd etdi.

Olmon elchisiga ko‘ra, Germaniya bundan keyin ham O‘zbekiston bilan hamkorlikni izchil rivojlantirishga e’tibor qaratadi. Joriy yil martda Germaniya Tashqi ishlar vaziri Frank-Valter Shtaynmayerning O‘zbekistonga tashrif buyurgani buning yaqqol isbotidir.

“Biz ko‘plab sohalar, masalan, BMT va uning turli tuzilmalari doirasida va Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlikni mustahkamlashni ko‘zlab xavfsizlik jabhasida izchil va samarali hamkorlik qilib kelmoqdamiz”, – dedi Germaniya elchisi.

Yaqindagina ishga tushirilgan Angren–Pop temir yo‘lini bunyod etishda olmon kompaniyalari ham ishtirok etdi. Mazkur yirik loyihada Germaniyaning ishtiroki tasodif emas, albatta. Diplomatning ta’kidlashicha, ayni choqda, iqtisodiy hamkorlikni yanada kuchaytirish uchun mavjud imkoniyatlardan samaraliroq foydalanish talab etiladi.    

“Germaniya Federativ Respublikasi O‘zbekistonga nisbatan siyosatni YeI bilan to‘liq kelishgan holda va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha strategiya doirasida yuritmoqda. Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha strategiyani qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha o‘tgan yilgi konstruktiv chora-tadbirlarimizga muvofiq, kelgusi yilda ham strategiyaning galdagi yangilanishiga o‘z hissamizni qo‘shamiz”, – dedi Naytxart Hyofer-Vissing.

Diplomat ta’lim sohasidagi aloqalar jadal kechayotganini mamnuniyat ila qayd etdi. So‘nggi yillarda Toshkentda Gyote instituti muvaffaqiyatli faoliyat yuritib kelmoqda. Mustaqillikdan keyin 1600 dan ziyod o‘zbekistonlik olim Germaniya stipendiyalaridan foydalandi. Taraqqiyot loyihalari uchun 330 million yevrodan oshiq mablag‘ ajratildi.  

Eslatib o‘tamiz, 3 oktyabr – Olmon birligi kuni Germaniyaning federal darajadagi yagona davlat bayrami sanaladi.

1980-yillar oxiri nafaqat Germaniya, balki Yevropa tarixidagi muhim davr sanaladi. O‘sha kezlar ta’qib va tazyiqlardan sabr kosasi to‘lgan GDR aholisi erk uchun kurashga kirishdi. Shu tariqa 1989 yil 9 noyabrda yagona olmon davlatining ikki lagerga bo‘lib tashlagan Berlin devori quladi. Bu esa ikki tuzumda yashab kelgan yagona millatning boshini qovushtirishga yo‘l ochdi. 1990 yilning 3 oktyabrida GFR va GDR demokratiya hamda qonun ustuvorligi mezonlari asosida birlashdi.

Germaniyaning birlashuvi Ikkinchi jahon urushidan keyin amalga kiritilgan xalqaro tartibni o‘zgartirib yubordi. 1990-yillar boshida sotsialistik lagerga mansub Sharqiy Yevropa mamlakatlarining demokratiya tomon yuz burishida ham ayni shu omil hal qiluvchi o‘rin tutdi.

Sobir Salim

Shu mavzudagi maqola:

Germaniya O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimiga 11 million yevro ajratadi. 27.01.2016