Erik Utembayev: Qozog‘iston va O‘zbekiston yangi hamkorlik davriga qadam qo‘ymoqda

O‘zbekiston Qozog‘istonning Markaziy Osiyodagi muhim siyosiy va iqtisodiy hamkori sanaladi. Ikki mamlakatni ko‘p asrlik mushtarak tarix, til va diniy-ma’naviy meros birlashtirib turadi. Bu haqda Qozog‘istonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yerik Utembayev Toshkentda o‘tgan brifingda ma’lum qilgan.

“Qozog‘iston va O‘zbekiston yangi muhim taraqqiyot bosqichiga qadam qo‘ymoqda. Mamlakatlarimiz barqaror siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy tizimga ega, barcha fuqarolarning farovon hayot kechirishiga intilmoqda. Shu bois biz hamkorlik va mushtarak taraqqiyot yo‘lida geografik va madaniy-gumanitar yaqinlikning qulay imkoniyatlari hamda iqtisodiy uyg‘un holatdan unumli foydalanishimiz kerak. Mamlakatimiz bundan keyin ham O‘zbekiston bilan ochiq muloqot hamda strategik hamkorlikka asoslangan barqaror va istiqbolli aloqalarni rivojlantirishga tayyor”, – deydi elchi Ye.Utembayev.

Qayd etilishicha, Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyevning joriy yil 12 sentyabr kuni O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov ruhiga ehtirom ko‘rsatish uchun Samarqandda kelgani, marhumning qabrini ziyorat qilib, uning yaqinlariga hamdardlik bildirgani nafaqat ikki davlat rahbari, balki qozoq va o‘zbek xalqining samimiy do‘stligidan dalolat beradi.

Ayni paytda Qozog‘iston o‘ta muhim voqea – o‘z mustaqilligining 25 yilligini nishonlashga hozirlik ko‘rmoqda. Qolaversa, mamlakatni har jihatdan modernizatsiya qilish bo‘yicha Milliy reja amalga oshirilmoqda. 

Elchiga ko‘ra, dunyo miqyosida moliyaviy inqiroz o‘z asoratlarini ko‘rsatayotgan bir sharoitda unga qarshi rejalarni davom ettirish dolzarb ahamiyat kasb etadi. Shu maqsadda Qozog‘iston hukumati xomashyo eksportidan ishlab chiqarishni rivojlantirishga intilmoqda.

“Mustaqillik yillari Qozog‘iston YaIM dollarda hisoblaganda 20 baravarga, o‘rtacha ish haqi 17 baravarga ortdi. 2 millionga yaqin ish o‘rni yaratildi. Shiddatli iqtisodiy o‘sish sharoitida daromadlar o‘rtasida keskin tafovutning oldi olindi. Qashshoqlik darajasi sezilarli kamaydi. 1990-yillar boshida Qozog‘istonda har uch fuqarodan bittasi qashshoq yashagan bo‘lsa, bugun mazkur ko‘rsatkich 3 foizdan oshmaydi”, – deydi Qozog‘iston elchisi.

Mamlakatda sanoatni rivojlantirish, aholi yashash sharoitini yaxshilashga alohida e’tibor qaratildi. Shu tariqa keyingi yillarda 1400 ta maktab, 1300 ta sog‘liqni saqlash ob’ekti qurildi. Ayni paytda YaIMning 10 foizi ijtimoiy sohaga sarflanayotir. Aholining o‘rtacha umr ko‘rish ko‘rsatkichi 72 yoshga yetdi.

Ta’kidlanishicha, Qozog‘iston xalqaro hamkorlikni rivojlantirmoqda. Mamlakat 2015 yili Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘ldi. Chorak asr ichida 255 milliard AQSh dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoyalar jalb etildi.

Elchi E.Utembayevga ko‘ra, rasmiy Ostona xalqaro miqyosda gumanitar hamkorlikni rivojlantirish tarafdori. Xususan, Qozog‘iston rahbari Nursulton Nazarboyev BMT shafeligida Inson kapitalini rivojlantirish jamg‘armasini ta’sis etishni taklif qilgan. Mazkur jamg‘arma qashshoq mamlakatlarda ta’lim va sog‘liqni saqlashni rivojlantirishga ko‘mak bermog‘i lozim.

Qozog‘iston elchisi jurnalistlar bilan uchrashuvda boshqa dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalarga ham to‘xtalib o‘tgan.

Erik Utembayev uzoq yillarda buyon Qozog‘iston davlat idoralarida faoliyat yuritib kelmoqda. O‘zbekistonga kelgunga qadar u Qozog‘istonning Eron, Belgiya, Lyuksemburg, Polsha mamlakatlaridagi elchisi, YeI va NATOdagi vakolatxonasi rahbari lavozimlarida faoliyat yuritgan. U 2016 yil apreldan Toshkentda ishlab kelmoqda.

Sobir Salim

Shu mavzudagi maqola:

Boribay Jeksembin: “Qozog‘iston va O‘zbekiston dolzarb xalqaro masalalarda hamfikr”. 14.12.2015